15.11.2021

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 sentyabrdagi “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6313-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Savdo-sanoat palatasining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Qo‘shma qaror bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar tasdiqlandi.

Mazkur qo‘shimcha shartlardan jismoniy va yuridik shaxslar o‘zaro sharnoma tuzayotganida foydalanishi mumkin va ulardan foydalanish majburiy hisoblanmaydi.

Korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar bir nechta xalqaro tashkilotlarning, jumladan Xalqaro savdo palatasining namunaviy qoidalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, shartnomamiy munosabatlarda korrupsiyaviy omillarni minimallashtirish uchun shartnoma taraflariga qo‘llanma sifatida xizmat qiladi.

Yuqoridagi qo‘shimcha shartlar quyidagi qoidalarni o‘z ichiga oladi:

1. Taraflar shartnoma tuzishda, shartnomaning amal qilish muddatida va ushbu muddat tugaganidan so‘ng, shartnoma bilan bog‘liq korrupsiyaviy harakatlarni sodir qilmaslikka kelishib oladilar.

2. Taraflar shartnomadagi korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarda belgilangan korrupsiyaning oldini olish choralarini tan oladi va ularga rioya etilishi bo‘yicha hamkorlikni ta’minlaydilar.

3. Har bir taraf shartnoma tuzilgan paytda bevosita o‘zi yoki uning ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan shartnoma bilan bog‘liq munosabalar yuzasidan qonunga xilof ravishda pul, moddiy qiymatliklar berilmaganligini, shartnoma tuzilishi evaziga norasmiy pul yoki boshqa moddiy qiymatliklar olinishiga yo‘l qo‘yilmaganligini, taklif etilmaganligini, ularni berishga va’da qilinmaganligini, shuningdek moddiy yoki har qanday turdagi imtiyoz, ustunliklar olinmaganligini (kelajakda bu turdagi harakatlarni amalga oshirishi mumkinligi haqida taassurot qoldirilmaganligini) kafolatlaydi.

Taraflar, ular tomonidan shartnoma doirasida jalb qilingan shaxslarning (yordamchi pudratchi tashkilotlar, agentlar va taraflar nazorati ostidagi boshqa shaxslarning) yuqoridagi harakatlarni sodir etmasligi yuzasidan oqilona choralar ko‘radi.

4. Taraflar davlat xizmatchilari, siyosiy partiyalar, shuningdek o‘zining ijroiya organlari, mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan har qanday vaqt va shaklda quyidagi harakatlarni bevosita yoki bilvosita (shu jumladan, uchinchi shaxslar orqali) sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaydi:

a) nazorat qiluvchi organlardan litsenziya va ruxsatnomalar olish, soliq solish, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish, sudda ish ko‘rilishi, qonunchilik jarayoni va boshqa sohalarda qonunga xilof ravishda tijorat yoki boshqa tusdagi ustunlikka ega bo‘lish yoki saqlab qolish maqsadida yuqoridagi shaxslar foydasiga yoki ular tomonidan moddiy yoki nomoddiy naf olishning taklif etilishi, va’da qilinishi, berilishiga;

b) qonunga xilof ravishda olingan daromadlarning legallashtirilishiga, shuningdek, agar mulk jinoiy faoliyatdan olingan daromad ekanligi taraflarga ma'lum bo‘lsa, uni o‘tkazish, mulkka aylantirish yohud almashtirish yo‘li bilan uning kelib chiqishiga qonuniy tus berish, bunday pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulkning asl xususiyatini, manbaini, turgan joyini, tasarruf etish, ko‘chirish usulini, pul mablag‘lariga yoki boshqa mol-mulkka bo‘lgan haqiqiy egalik huquqlarini yoki uning kimga qarashliligini yashirishga;

v) korrupsiyaga oid huquqbuzarlik sodir qilish uchun ta’magirlik qilish, undash, tazyiq o‘tkazish yoki tahdid qilish. Ushbu holat bo‘yicha bir taraf ikkinchi tarafni hamda vakolatli davlat organlarini darhol xabardor qilishi shart.

5. Taraflar tovarlar, xizmat va ishlarni realizasiya qilish va o‘tkazishda, bitimlar tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borishda, lisenziya, ruxsatnomalar va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni olishda yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa harakatlarni amalga oshiruvchi taraflarning nazorati ostida bo‘lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslarga (shu jumladan, yordamchi pudratchilar, agentlar, savdo vakillari, distrib'yuterlar, huquqshunoslar, hisobchilar, ular nomidan harakat qiluvchi boshqa vakillarga) nisbatan quyidagi harakatlarni amalga oshirishi shart:

– korrupsiyaviy harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va korrupsiyaviy harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishi shartligi haqida ko‘rsatmalar va tushuntirishlar berish;

– ulardan korrupsiyaviy harakatlarni amalga oshirish uchun vositachi sifatida foydalanmaslik;

– ularni faqat tarafning oddiy kundalik faoliyati jarayonidagi ishlab chiqarish zarurati doirasidan kelib chiqib ishga jalb qilish;

– ularga qonunchilik doirasida amalga oshirgan xizmatlari uchun belgilangan haq miqdoridan asossiz ravishda ortiqcha to‘lovlarni amalga oshirmaslik.

6. Taraflar ularning nazorati ostida bo‘lgan va ular nomidan harakat qiladigan shaxslar tomonidan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarda belgilangan majburiyatlar buzilganligi holatlari haqida xabar berilganligi uchun ularga tazyiq o‘tkazilmasligini kafolatlaydilar.

7. Agar bir tarafga boshqa tarafning korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlarning 4 va 5-bandlarida belgilangan majburiyatlarni buzilishiga yo‘l qo‘yganligi ma'lum bo‘lib qolsa, ikkinchi tarafni bu haqda zudlik bilan xabardor qilishi va ushbu tarafdan oqilona muddat ichida tegishli choralar ko‘rilishini va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan unga xabardor qilishini talab qilishi shart.

Tarafning talabi bo‘yicha ikkinchi taraf tomonidan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish bo‘yicha oqilona muddat ichida tegishli choralar ko‘rilmagan yoki ko‘rib chiqish natijalari haqida xabardor qilmagan taqdirda, ushbu taraf shartnomani bir taraflama to‘xtatib turishga, bekor qilishga hamda zararni to‘liq qoplab berishni talab qilishga haqli.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi