16.11.2021

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 130-moddasiga koʻra, aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv (aliment miqdori, shartlari va toʻlash tartibi) aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs bilan aliment oluvchi oʻrtasida tuziladi. Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz boʻlsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuziladi.

Shuningdek, mazkur kodeksning 131-moddaga koʻra aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzishning qonunda belgilangan shakliga rioya qilmaslik, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.

Notarial tartibda tasdiqlangan aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 132-modasiga koʻra, aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv taraflarning oʻzaro roziligi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish ham oʻsha shaklda amalga oshiriladi.

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolida jiddiy oʻzgarishlar yuz berganda hamda aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ular oʻzaro kelisha olmaganda, manfaatdor taraf kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Sud aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvni oʻzgartirish yoki bekor qilish masalasini hal qilishda taraflarning eʼtiborga loyiq har qanday manfaatini hisobga olishga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 134-modasiga koʻra, aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha aliment toʻlash usullari va tartibi shu kelishuv bilan belgilanadi.

Alimentlar:

-aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlarda;

-vaqti-vaqtida pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada; bir yoʻla pul bilan toʻlanadigan qatʼiy summada;

-mol-mulk bilan yoki kelishuvda qayd etilgan boshqa usullarda toʻlanishi mumkin.

Aliment toʻlash haqidagi kelishuvda aliment toʻlashning turli usullarini birga qoʻshib qoʻllash nazarda tutilishi mumkin.

Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv boʻyicha toʻlanadigan aliment miqdorini indeksatsiya qilish shu kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi.