18.11.2021

Adliya vaziri o‘rinbosarlarining davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy-uslubiy ko‘maklashish faoliyati izchil davom ettirilmoqda.

Adliya vaziri o‘rinbosari X. Meliyev 2021 yil 17 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining tashkil etilishi hamda bajarilishi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda yuzaga kelayotgan muammolar va kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida amaliy uchrashuv o‘tkazdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida bo‘lib o‘tgan tadbirda Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari N. Yerlepesov, kotibiyatlar hamda barcha vazirlik va idoralarning ijro intizomiga mas’ul bo‘lgan xodimlari ishtirok etishdi.

Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga 2021 yil 16 noyabr holatiga “Ijro.gov.uz” tizimi orqali 895 ta Prezident hujjatlarida 5 975 ta topshiriqlar kelib tushgan. Shundan 4 567 ta topshiriqlar bajarilgan bo‘lib, 871 tasi (20 %) yoki har 5 ta topshiriqning bittasi muddatidan kech bajarilgan, 1 392 ta hujjatlar ijro jarayonida.

Tahliliy-tanqidiy ruxda o‘tkazilgan tadbirda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining “respublika-tuman-mahalla” tamoyili asosida tashkil etilishi hamda ularning ijro etilishi mexanizmlari muhokama qilindi.

Adliya vaziri o‘rinbosari X. Meliyev tomonidan yana bir masala, ijro muddati kelayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ish yurituvida bo‘lgan topshiriqlar soni 2021 yilning dekabr oyida 526 tani tashkil etishi, shunga ko‘ra, mazkur topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash bo‘yicha bugungi kundan aniq choralarni ko‘rish lozimligi aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, soha vakillarining ijro intizomini mustahkamlash, “Ijro.gov.uz” tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalari tinglandi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning ijrosiga mas’ul xodimlarni ularning vazifalaridan kelib chiqqan holda belgilash, topshiriqlarni bajarish mexanizmlari va muddatlarini aniq belgilash, ularning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, ijro holatini rahbariyat huzurida muhokama qilib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi