25.08.2022

Ayni kunlarda Adliya vazirligi Inson resurslari boshqarmasining ishchi guruhi Buxoro viloyatida. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - xodimlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning ish faoliyati bilan yaqindan tanishishdan iborat.

Ishchi guruhi adliya bo‘limlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari va FHDY bo‘limlari xodimlarining tizimda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni o‘zlashtirganligi, soha vakillari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mehnat intizomi va qonunchilikka rioya qilish tartibini joyiga chiqqan holda ko'zdan kechirmoqda.

Muloqotlar davomida xodimlar bilan kasbiy odob-axloq va korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni yanada kuchaytirish yuzasidan profilaktik tushuntirishlar olib borilmoqda. Soha vakillarining ish faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar, ish samaradorligini oshirish, jamoaviy birdamlik muhitini yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflari tinglanmoqda.